Eng namunali “Talabalarni turar joy bilan ta’minlash” markazlari 30 mln so‘mgacha rag‘batlantiriladi
Abituriyentlar uchun onlayn testlar
➡️ DTM BLOK TESTLAR
Eng namunali “Talabalarni turar joy bilan ta’minlash” markazlari 30 mln so‘mgacha rag‘batlantiriladi
1-avgust kuni Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov rahbarligida oliy ta’lim muassasalarida talabalarni turar joy bilan ta’minlash chora-tadbirlariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda yangi o‘quv yilida talabalarni munosib kutib olish, o‘quv yilining dastlabki kunlarida talabalarni turar joy bilan tezkor ta’minlash masalalari muhokama qilinib, bunda yuzaga keladigan jiddiy muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish maqsadida 1-avgustidan 10-sentabrigacha bo‘lgan muddat “dolzarb qirq kunlik” sifatida belgilangandi.
Mas’ullar fikr-mulohazalarini inobatga olib, 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab davlat oliy ta’lim muassasalarining barcha bosqich talabalari belgilangan mezonlar ketma-ketligi asosida talabalarning yotoqxona va ijara xonadonlariga joylashtirilishi bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.
O‘tgan yilgi tajribadan kelib chiqib, barcha oliy ta’lim muassasalarining asosiy binolari hamda talabalar turar joylariga kirish qismlariga kamida 4 ta joyga **Talabalar turar joylariga joylashtirish uchun yordam ko‘rsatish markazlari (infokiosk)**ni tashkil etish belgilandi.
Bunda har bir talabani talabalar turar joylariga joylashtirish bo‘yicha yordam ko‘rsatish markazlari (infokiosk) faoliyatini yo‘lga qo‘yish va unga tajribali volontyorlarni biriktirish, shuningdek, eng namunali faoliyat yuritgan “Talabalar turar joylariga joylashtirish uchun yordam ko‘rsatish markazlari” 20 mln so‘mdan 30 mln so‘mgacha pul mukofotlari bilan rag‘batlantirilishi nazarda tutildi.
Ijara xonadonlari bazasini shakllantirish, talabalarni guruh tyutorlari orqali ijara xonadonlariga joylashishiga ko‘maklashish, oliy ta’lim muassasasi rasmiy veb-sayti orqali yangi topilgan ijara uylari hamda ijara uylari haqidagi ma’lumotlar (manzili, xonadon egasining ismi sharifi, telefoni, ijara uyining narxi ko‘rsatilgan holda)ni e’lon qilish ishlarini samarali tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Oliy ta’lim muassasalari rektorlari yotoqxona va ijarada istiqomat qilayotgan talabalar holidan shaxsan xabar olishi, ularga zarur shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar tasdiqlagan holda ijara xonadonlariga ham, yotoqxonalarga ham tashriflar har haftada kamida 1 marotaba tashkil etilishini tizimli yo‘lga qo‘yilishi ta’kidlandi.