Bu yilgi ijodiy imtihonlar kechiktiriladi
Abituriyentlar uchun onlayn testlar
➡️ DTM BLOK TESTLAR
Ijodiy imtihonlar 1 avgustdan keyin boshlanadi. Imtihon muddatidagi 5-6 kunlik kechiktirish ularning davomiyligi va sifatiga ta’sir etmaydi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidov AOKAda o‘tkazilgan brifingda yangi karantin cheklovlari tufayli ijodiy imtihonlar o‘tkazish muddati kechiktirilishini ma’lum qildi.
«Ijodiy imtihonlar 25-iyuldan boshlanishi kerak edi. Biroq ularning muddatida karantin cheklovlari kuchaytirilgani tufayli o‘zgarish bo‘ladi. Ijodiy imtihonlar 1-avgustdan keyin boshlanadi. Imtihon muddatidagi 5-6 kunlik kechiktirish ularning davomiyligi va sifatiga ta’sir etmaydi. Sababi imtihonlar 20 kunga mo‘ljallangan va bu muddat o‘zgarmaydi», deya vazirning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Shuningdek, Inomjon Majidov OTMlarga hujjat topshirish masalalarida hech qanday qiyinchilik yo‘qligini, ta’limning barcha shakllari uchun, ijodiy, kunduzgi, sirtqi ta’lim shakllari uchun hujjatlar onlayn tarzda qabul qilinayotganini ma’lum qildi.
«Bundan tashqari, o‘qishni qachon va qanday boshlash borasida vaziyatdan kelib chiqib bir qarorga kelinadi. Bu qarantin cheklovlari qanday bo‘lishiga va testlarning qachon o‘tkazilishiga ham bog‘liq bo‘ladi», deya qayd etdi Inomjon Majidov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq kasbiy-ijodiy yo‘nalish bo‘yicha imtihon topshiradiganlar (test mavjud bo‘lmagan) yo‘nalishlar uchun imtihonlar 25 iyuldan 20 avgustgacha davom etishi ma’lum qilingan edi.