O‘zbekiston Xalqaro Biologiya Olimpiadasidan chetlatildi
Abituriyentlar uchun onlayn testlar
➡️ DTM BLOK TESTLAR
Xalqaro Biologiya Olimpiadasi (IBO) dunyo bo‘ylab eng iqtidorli va bilimdon o‘quvchilarni bir joyga to‘playdigan nufuzli olimpiada hisoblanadi. Ushbu olimpiada har yili o‘tkazilib, biologiya fani bo‘yicha o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazadi. O‘zbekiston ham bu olimpiadada 1997-yildan beri faol ishtirok etib kelayotgandi.
Afsuski, O‘zbekiston 2024-yilgi Xalqaro Biologiya Olimpiadasidan chetlatilib, olimpiadada ishtirok etgan barcha o‘quvchilarning natijalari bekor qilindi. Eng yomoni, IBOga a’zo davlatlar ro‘yxatidan ham chiqarib yuborildi.
Bu qaror IBO boshqaruv kengashi tomonidan qabul qilindi va bunga O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan qoidalarga rioya qilinmaganligi sabab bo‘lgan. Bu esa O‘zbekistonning kelgusidagi ishtirokini ham xavf ostiga qo‘yishi mumkin.
Xalqtaliminfo.uz saytiga intervyu bergan (ismi ochiqlanishini istamagan) mutaxassisning ta’kidlashicha, O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan qoidalarga zid harakatlar aniqlangan, ya’ni olimpiada jarayonida o‘zbekistonlik ishtirokchilar tomonidan akademik halollik tamoyillari buzilgan.
Belgilangan tartibga ko‘ra, Xalqaro Biologiya Olimpiadasining asosiy tili ingliz tili bo‘lishiga qaramay, ishtirokchilar topshiriqlarni o‘z ona tilida bajarish imkoniyatiga ega bo‘lishi ta’minlangan. 2024-yilning 7-14-iyul kunlari Qozog‘istonning Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan olimpiadada bir nafar o‘zbekistonlik o‘quvchining test topshiriqlariga tarjima qilish jarayonida maxsus belgilar qo‘yilganligi qayd etilgan.
Bizningcha, IBO boshqaruv kengashi bu qarorni darhol qabul qilmagan, sababi O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan 2010-yilda Janubiy Koreyada o‘tkazilgan Xalqaro Biologiya Olimpiadasida ham xuddi shunday holat kuzatilib, o‘shanda ham o‘quvchilarning natijalari bekor qilib yuborilgandi. Bunday holat O‘zbekiston bilan ikkinchi marotaba sodir bo‘lganligi sababli, IBO boshqaruv kengashi O‘zbekistonni IBOga a’zo davlatlar ro‘yxatidan ham chiqarib yuborgan bo‘lishi mumkin.
Hech kimga sir emaski, O‘zbekistonda o‘tkaziladigan ba’zi olimpiada, tanlov va musobaqalarda ham akademik halollik tamoyillarining buzilishi holatlari uchrab turadi. Bu esa nafaqat tanlovlarning adolatliligiga, balki ta’lim tizimining umumiy nufuziga ham jiddiy zarar yetkazmoqda.
Afsuski, halollik tamoyillarining buzilishi o‘quvchilar orasida mehnat va bilim orqali emas, balki aldov va firibgarlik orqali muvaffaqiyatga erishish mumkin deb o‘ylashlariga sabab bo‘lmoqda. Buning ayanchli oqibatini esa ko‘rib turibmiz.
O‘zbekistonning Xalqaro Biologiya Olimpiadasidan chetlatilishi O‘zbekiston ta’lim tizimi uchun juda katta zarba bo‘ldi. Endilikda ta’lim siyosatini belgilovchi shaxslar bu vaziyatni yaxshilash uchun zarur chora-tadbirlar ko‘rishlari kerak.
Hozircha mazkur holat yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi rasmiy bayonot bermadi, shuningdek xalqaro tashkilotlar bilan muzokaralar olib borishga tayyor ekanliklari haqidagi ma’lumotlarni ochiqlamadi.
O‘ylaymizki, vazirlik Xalqaro Biologiya Olimpiadasiga qaytish uchun barcha zarur choralarni ko‘radi.