Oliygoh.uz Aniq maqsad -
g'alabaga yetaklaydi
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga yanada katta imkoniyatlar taqdim qilinmoqda

30-iyun 03:04
Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga yanada katta imkoniyatlar taqdim qilinmoqda

Joriy yil 1-aprel kuni Prezidentning “Ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ini kengaytirish va ularning faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-55-son Farmoni imzolandi. Mazkur farmon bilan Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga yanada kattaroq imkoniyatlar paketi berilganligini ko‘rishimiz mumkin.

Farmonning asosiy jihatlari

Prezident farmonida quyidagilar nazarda tutilmoqda:

  • 2024/2025 o‘quv yilidan Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi maktablarda Fanlar akademiyasi akademiklari ishtirokida dars o‘tish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, mazkur maktablarda:

  • O‘quvchilarning yaratuvchanlik ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan darslar tashkil etiladi.

  • O‘quvchilarga amaliy loyihalarni ishlab chiqish va ularni hayotga tatbiq etish masalalarida ko‘mak ko‘rsatiladi.

  • O‘quvchilar ishlab chiqarish jarayonlariga faol jalb etiladi hamda Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy laboratoriyalarda olib borilayotgan loyihalar bilan tanishtiriladi.

  • O‘quvchilarning innovatsion g‘oyalari va ishlanmalarini rivojlantirish maqsadida “Yosh akademiklar” klublari tashkil etiladi.

  • Har yili umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida ta’lim, axborot texnologiyalari, yashil energiya, ekologiya, iqlim o‘zgarishi va qishloq xo‘jaligi kabi yo‘nalishlarda yangi mahsulot yoki xizmat turini yaratishni nazarda tutuvchi “Ixtirochilikka qadam” tanlovi o‘tkaziladi.

  • Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda o‘quv jarayoni STEM modeli bo‘yicha tashkil etiladi.

    • Farmonga ko‘ra, 2025/2026 o‘quv yilidan Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda tajriba-sinov tariqasida “Yangi O‘zbekiston” universiteti bilan o‘zaro integratsiyalashgan o‘quvchilarni muhandislik asoslariga o‘rgatish bo‘yicha ta’lim dasturlari joriy qilinadi.
    • Muhandislik dasturlariga tanlov umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining matematika, mantiqiy fikrlash, informatika va muhandislik yo‘nalishlari bo‘yicha qobiliyati bor 6-sinf bitiruvchilari orasidan amalga oshiriladi.
    • Muhandislik ta’lim dasturlari “Yangi O‘zbekiston” universiteti bakalavriat ta’lim dasturlari bilan o‘zaro integratsiya qilinadi.
    • Muhandislik ta’lim dasturlarini lozim darajada o‘zlashtirgan bitiruvchilarga o‘z o‘qishini “Yangi O‘zbekiston” universiteti tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishining 2-bosqichidan davom ettirish huquqi beriladi.
  • Farmonga ko‘ra, 2024/2025 o‘quv yilidan Agentlik tizimidagi ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda:

    • Chet tilini bilish bo‘yicha kamida B2 darajadagi sertifikatga ega bo‘lgan o‘qituvchilar tomonidan fanlarni chet tilida o‘qitish amaliyoti joriy etiladi.
    • Matematika, fizika, kimyo, biologiya, tabiiy fanlar (science), informatika va axborot texnologiyalari fanlaridan darslarni chet tilida olib borgan o‘qituvchilarga tarif stavkasiga nisbatan 100 foiz miqdorida har oylik qo‘shimcha ustama to‘lanadi.
    • Prezident maktablarining mahalliy o‘qituvchilariga ularning tarif stavkasiga nisbatan 350 foiz miqdorida har oylik qo‘shimcha ustama to‘lash tartibi joriy etiladi.
  • Farmonga ko‘ra, 2024/2025 o‘quv yilidan Agentlik tizimidagi maktablarda o‘quvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning yangi tizimi joriy qilinadi:

    • 5–8-sinflarda Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk sarkardalarimizning ibratli hayotini bugungi harbiylarimiz jasorati bilan bog‘lab, Vatan himoyachisi ko‘nikmalarini shakllantirishga yo‘naltirilgan mashg‘ulotlar tashkil etiladi.
    • 9–11-sinflarda harbiy o‘yinlar va sport musobaqalari, harbiy-vatanparvarlik tuyg‘ularini oshirish va harbiy xizmatga tayyorgarlik bosqichini o‘tashga yo‘naltirilgan tadbirlar o‘tkaziladi.
    • Har yili o‘quvchilar o‘rtasida “Turon yo‘lbarslari” harbiy sport musobaqalari o‘tkaziladi.
    • Milliy an’ana va qadriyatlarni aks ettiradigan namunaviy maktab burchaklari tashkil etiladi.
    • “Turon” teatr studiyasi faoliyati tajriba-sinov tariqasida yo‘lga qo‘yiladi.
  • 2024/2025 o‘quv yilidan ijod maktablarida:

    • Ijtimoiy va ijodiy faol adiblar va jamoat arboblari ishtirokida mahorat darslari o‘tkaziladi.
    • “Yosh tarjimonlar” klublari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
    • “Matnshunoslik” darslari tashkil etiladi.
    • Har yili 2 marotaba o‘quvchilarning “Ijod bog‘idan guldasta” nomli to‘plamlarini nashr etish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
    • “San’at” (ART) fani kiritiladi.
    • “Texnologiya” fani doirasida robototexnika asoslari o‘rgatiladi.
    • Har yili badiiy adabiyot va san’at sohasida iqtidorli yoshlarni saralashga qaratilgan ko‘rik-tanlov o‘tkaziladi.
    • “Mening birinchi kitobim” loyihasi doirasida har bir ijod maktabidan kamida ikki nafar o‘quvchining ijodiy ishlar to‘plami nashr etiladi.
    • “Zomin seminari”da har bir ijod maktabidan kamida 5 nafardan ijodkor o‘quvchilar ishtiroki ta’minlanadi.
    • Har bir ijod maktabi “Turkiy adabiyot durdonalari” nomli 100 jilddan iborat kitoblar majmuasi bilan ta’minlanadi.
    • Ijod maktablari oliy ta’lim muassasalari va O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi elchixonalariga biriktiriladi.