10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumlarga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi


Kasbiy ta’lim tashkilotlariga o‘qishni ko‘chirish tartibini belgilashga qaratilgan Hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Unga ko‘ra, maktablarning 10-sinf o‘quvchilari belgilangan shartlar asosida texnikumlarga o‘qishini ko‘chirishi mumkin bo‘ladi.

Muhokamalar portaliga “Kasbiy ta’lim tashkilotlari o‘quvchilari o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklash, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10-sinf o‘quvchilarini texnikumlarga ko‘chirish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi joylashtirildi.

Loyihaga ko‘ra, maktablarning 10-sinf o‘quvchilarini texnikumlarga o‘qishini ko‘chirish faqat joriy o‘quv yilida boshlang‘ich kasbiy ta’lim dasturlari asosida maktablarning 9-sinf bitiruvchilari hisobidan shakllantirilgan kunduzgi ta’lim shakliga ruxsat beriladi.

O‘qishini ko‘chirish bo‘yicha arizalarni ro‘yxatdan o‘tkazish Davlat xizmatlari markazlari, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) yoki maxsus platforma orqali qishki ta’til davrida — 28 dekabrdan 17 yanvargacha amalga oshiriladi.

Talabgorlar quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

— o‘quvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjat (pasport yoki ID-kartadagi JShShIR);— voyaga yetmaganlar uchun tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma ma’lumotlari.

Ma’lum qilinishicha, mazkur nizom qoidalari nodavlat kasbiy ta’lim tashkilotlari uchun tavsiyaviy hisoblanadi.

Hujjat loyihasi jamoatchilik muhokamasi bosqichida.