Yangi o‘quv yilidan boshlab ehtiyojmand oilalardagi ayollar uchun ajratiladigan davlat granti kvotasi ikki barobar oshirilib, 4 mingga yetkazilishi belgilandi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Ko‘ksaroy qarorgohida tashkil etilgan bayram tadbirida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan qizlarning soni 904 mingdan oshib, jami talabalarning 54 foizini tashkil etmoqda. O‘tgan yili 60 nafar o‘zbekistonlik qiz dunyoning eng nufuzli oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirgani alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, stajyor-tadqiqotchilar va doktoranturada tahsil olayotganlarning 8,5 ming nafari, ya’ni 61 foizi xotin-qizlar ekani qayd etildi.
Yangi o‘quv yilidan boshlab ehtiyojmand oilalardagi ayollar uchun ajratiladigan davlat granti kvotasi ikki barobar oshirilib, 4 mingga yetkazilishi belgilandi.
Top 300 talikdagi oliygohlar bilan qo‘shma ta’lim asosida magistratura bosqichida ta’lim olayotgan talaba-qizlarning kontrakt pullari ham davlat tomonidan to‘lab beriladi.
Endilikda har yili xotin-qizlarning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida kamida 10 ta yo‘nalish bo‘yicha startap tanlovlari o‘tkaziladi. Har bir yo‘nalish g‘olibiga Innovatsiya jamg‘armasidan 500 million so‘mgacha grant ajratilishi belgilangan.
Maktabning 11-sinfini tamomlab, davlat texnikumlariga o‘qishga kirgan qizlarni kasbga o‘qitish to‘liq davlat granti asosida amalga oshiriladi.