2027/2028 o‘quv yilidan e’tiboran davlat oliy ta’lim tashkilotlari magistraturasiga qabul qilish tartibi yangilanadi. Bu tartib O‘zbekiston Prezidenti tomonidan 2026-yil 10-aprelda qabul qilingan PF–58-son Farmon bilan belgilangan.
Yangi tizimga ko‘ra, magistraturaga kirishda xorijiy til bo‘yicha milliy yoki xalqaro sertifikat talabi saqlanib qoladi. Shu bilan birga, oliy ta’lim muassasalariga talabgorlar uchun ixtisoslik fanlari bo‘yicha qo‘shimcha imtihon o‘tkazish vakolati beriladi. Mazkur imtihonning shakli, sinov dasturi va baholash mezonlari har bir oliy ta’lim tashkiloti tomonidan mustaqil ravishda tasdiqlanadi.
Farmonda davlat oliygohlarining mustaqilligini kengaytirishga qaratilgan yana bir qator yangi vakolatlar ham nazarda tutilgan. Endilikda prorektorlar, shuningdek mahalliy oliygohlar filiallari direktor o‘rinbosarlarini tayinlash vakolati rektorning o‘ziga beriladi. Bundan tashqari, oliygoh tizimidagi ilmiy-tadqiqot muassasalari, malaka oshirish va qayta tayyorlash markazlari rahbarlari hamda akademik litsey direktorlarini tayinlash va lavozimidan ozod etish tartibi ham oliy ta’lim tashkilotlari vakolatiga o‘tadi.
Shu bilan birga, oliygohlar kafedralar shtat birliklari hamda professor-o‘qituvchilarning o‘quv yuklamasi bo‘yicha minimal ko‘rsatkichlarni mustaqil belgilash huquqiga ega bo‘ladi. 2027/2028 o‘quv yilidan boshlab esa magistratura mutaxassisliklariga qabulda mutaxassislik fanlari bo‘yicha imtihon shaklini ham oliygohlarning o‘zi belgilaydi.
Farmonda talabalar bilan bog‘liq ayrim akademik masalalar bo‘yicha ham qo‘shimcha vakolatlar ko‘zda tutilgan. Jumladan, o‘qishi ko‘chirilgan, qayta tiklangan yoki akademik mobillik dasturidan qaytgan talabalarning avval o‘zlashtirgan kreditlarini tan olish hamda aniqlangan farqlarni topshirish tartibini oliygohlar mustaqil belgilaydi.
Xorijiy fuqarolarni o‘qishga qabul qilish borasida ham yangi imkoniyatlar yaratiladi. Oliy ta’lim muassasalari endi ularni qabul qilish shartlari va muddatlarini belgilashi, byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan grant kvotalari ajratishi va stipendiyalar tayinlashi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, chet el fuqarolari uchun kontrakt to‘lovlariga chegirmalar berish vakolati ham oliygohlarga taqdim etiladi.
Bundan tashqari, davlat oliygohlari xalqaro reytinglarda o‘z o‘rnini mustahkamlash maqsadida xalqaro reyting tashkilotlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar tuzish huquqiga ega bo‘ladi. Bu esa oliy ta’lim muassasalarining xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Mazkur o‘zgarishlar oliy ta’lim tizimida boshqaruv mustaqilligini kuchaytirish, qabul jarayonlarini yanada moslashuvchan qilish va magistraturaga saralash sifatini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
