Namangan shahridagi 1-ixtisoslashtirilgan maktab-internatidan Ziyodullobek Qo‘ziboyev, Saydullo Supijanov hamda Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 58-umumta’lim maktabi bitiruvchisi Sherxon Hasanov Pensilvaniya universiteti talabasi bo‘ldi.
Namanganlik uch nafar o‘quvchi IELTS hamda SATdan yuqori ballarni olib, xalqaro sertifikatlarga ega. Endi ular joriy yilgi oliy ta’limni AQSHda davom ettirishadi.
“O‘qishga qabul qilinganligimni birinchi bo‘lib ota-onamga xabar bergan edim, ular men uchun eng yaqin, eng katta qo‘llab quvvatlovchilar, ularning ko‘zlaridagi quvonchni ko‘rish, bu muvaffaqiyatdan ham ustun bo‘lgan tuyg‘u edi.” — deydi Saydullo Supijanov.
Ziyodullobek Qo‘ziboyev Pensilvaniya universitetiga qabul qilinish, hayotidagi eng baxtli lahzalardan biri bo‘lganligini va u nafaqat orzu, balki, yillar davomida qilingan mehnatining samarasi ekanligini aytadi.
Shuningdek, u zamonaviy va ekologik barqaror binolarni loyihalash bo‘yicha chuqur bilim olish, keyinchalik O‘zbekistonga qaytib kelib, arxitektura, madaniy meros va shaharsozlik an’analarini uyg‘unlashtirish va ularni yangi zamonaviy texnologiyalar bilan takomillashtirish asosiy maqsadi ekanligini ta’kidlab o‘tadi.
Pensilvaniya universiteti talabasi bo‘lgan yana bir namanganlik yigit Sherxon Hasanov tanlagan sohasi orqali kelajakda mamlakatimiz taraqqiyotiga xizmat qilishni niyat qilganligini aytadi.
Ma’lumot uchun, Pensilvaniya universiteti — AQShdagi eng qadimgi universitetlardan biri bo‘lib, 1740-yilda asos solingan. AQShning eng nufuzli universitetlarini birlashtiruvchi assotsiatsiya Ivy League guruhiga kiruvchi va dunyo reytingida 15-o‘rinda turuvchi universitet hisoblanadi.