O‘qituvchilar ayrim davlat bojlaridan ozod etiladi


Konstitutsiyaning 52-moddasida o‘qituvchilar mehnati jamiyat va davlat taraqqiyoti, sog‘lom va barkamol avlod tarbiyasi hamda xalqning ma’naviy-madaniy salohiyatini oshirishning asosi sifatida e’tirof etiladi. Shu sababli mamlakatimizda pedagoglarga bir qator imtiyozlar berilgan. Ulardan biri — davlat bojidan ozod etilishidir.

Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Imomali Tuyevning izohiga ko‘ra, “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, pedagoglar ayrim holatlarda davlat boji to‘lashdan ozod qilinadi.

  • Qonunning 8-moddasi 5 prim 2-bandida belgilanishicha, fuqarolik sudlarida o‘qituvchilar kasbiy faoliyati davomida o‘z sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘sini himoya qilish bilan bog‘liq da’volarda davlat boji undirilmaydi.

  • Qonunning 10-moddasi 19-bandiga muvofiq, pedagoglarning huquqlari buzilib, ular davlat organlari yoki mansabdor shaxslarning noqonuniy qaror va harakatlaridan (yoki harakatsizligidan) norozi bo‘lib ma’muriy sudga murojaat qilsa, bu holatda ham ular boj to‘lashdan ozod etiladi.

Mazkur imtiyoz o‘qituvchilarning huquqlarini samarali himoya qilish va ularning kasbiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.