Oʻzbekistonda abituriyentlar soni soʻnggi 7 yilda eng past darajaga tushdi


2025-2026 oʻquv yili uchun abituriyentlarni roʻyxatga olish yakunlandi va bu yil davlat oliy taʼlim muassasalariga hujjat topshirgan abituriyentlar soni soʻnggi 7 yildagi eng kam koʻrsatkichni qayd yetdi. Bu koʻrsatkichning pasayishi oliy taʼlimga boʻlgan munosabat oʻzgarayotganini anglatmoqda.

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi maʼlumotiga koʻra, 2025/2026-oʻquv yili uchun davlat oliy taʼlim muassasalariga kirish uchun 732 ming 411 nafar abituriyent hujjat topshirgan. Bu soʻnggi yetti yillikda kuzatilgan eng past koʻrsatkich boʻldi.

Abituriyentlarning 346 ming 299 nafari erkaklar, 386 ming 112 nafari ayollar ekani qayd etilgan. Taʼlim tili boʻyicha oʻzbek tilida 644 ming 27 nafar, rus tilida 71 ming 476 nafar, qoraqalpoq tilida 14 ming 959 nafar va boshqa tillarda 1 ming 949 nafar abituriyent roʻyxatdan oʻtgan.

Oxirgi yillarda abituriyentlar soni bosqichma-bosqich kamayib borayotgani kuzatilmoqda. Masalan, 2019 yilda bu koʻrsatkich 1 mln 66 ming 925 nafarni tashkil etgan boʻlsa, 2020 yilda 1,48 million nafargacha yetib, rekord daraja qayd etilgan. Biroq keyingi yillarda bu raqam tabiiy ravishda tusha boshladi.

2025 yilda abituriyentlar soni 2020 yildagi yuqori nuqtaga nisbatan deyarli ikki barobar kamaygan. Bu pasayishga bir nechta omillar taʼsir qilmoqda. Shuningdek, xususiy universitetlar ulushi oshib, davlat OTMlariga boʻlgan talabni birmuncha kamaytirdi. Bundan tashqari, professional taʼlim tizimi rivojlanib, kasb-hunar oʻrganishga qiziquvchilar soni ortib bormoqda.

Ayrim mutaxassislar bu holatni aholining oliy taʼlimga boʻlgan munosabati oʻzgarayotgani bilan izohlamoqda. Yoshlar va ota-onalar orasida oliy maʼlumot orqali yuqori darajada hayot qurish mumkinligiga boʻlgan ishonch soʻnmoqda. Odamlar amaliy koʻnikma va kasb-hunarning ahamiyatini koʻproq anglab bormoqda.

Shunisi ham ahamiyatliki, test sinovi uchun belgilangan toʻlovni oʻz vaqtida toʻlamaydigan abituriyentlar sonini hisobga olganda, umumiy koʻrsatkich yanada pasayishi mumkin.