Qaysi OTM talabalari ko‘proq jinoyatga qo‘l urgani ma’lum qilindi


Senatning 10-yalpi majlisida talabalar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish masalasi muhokama qilindi va Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri K. Sharipovga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi.

Qayd etilishicha, oliy ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya jarayonini samarali tashkil etish, talabalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni kuchaytirish hamda ota-onalar bilan hamkorlikni rivojlantirish dolzarb masalaga aylangan.

Lekin, ushbu yo‘nalishdagi ishlarning yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagani nosog‘lom muhit, huquqbuzarlik va jinoyatchilikka sabab bo‘layotgani ta’kidlandi.

  • 2024 yilda oliy ta’lim muassasalari talabalari ishtirokida 761 ta jinoyat sodir etilgan.

  • 2025 yilning dastlabki 6 oyida esa 102 ta oliy ta’lim muassasasining 307 nafar talabasi jinoyat sodir etgan.

Asosan yo‘l-transport hodisalari, o‘g‘rilik, tan jarohati yetkazish, bezorilik, firibgarlik kabi jinoyatlar qayd etilgan.

Hududlar kesimida jinoyatlarning ko‘pchiligi Toshkent shahri, Toshkent, Buxoro, Namangan, Andijon, Samarqand, Farg‘ona va Surxondaryo viloyatlariga to‘g‘ri keladi.

Oliy ta’lim muassasalari bo‘yicha jinoyatlarning katta qismi:

  • Toshkent davlat transport universiteti,

  • O‘zbekiston milliy universiteti,

  • Toshkent davlat texnika universiteti,

  • Toshkent axborot texnologiyalari universiteti,

  • Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Ayrim muassasalarda dars jarayonini nazorat qilish va davomat monitoringi yetarli emasligi sababli jinoyatlar hatto dars vaqtida (08:00–16:00) sodir etilgani qayd etildi.

Shuningdek, 2021 yil 9 sentabrdagi 563-sonli qarorga ko‘ra tyutorlarni biriktirish belgilangan bo‘lsa-da, ayrim universitetlar bu talabni bajarmagan. Talabalar yotoqxonasidagi kirib-chiqish va tungi tartib ustidan nazorat sustligi ham muammo sifatida ko‘rsatildi.

Bundan tashqari, islohotlarga qaramay, oliy ta’lim sohasida korrupsiya holatlari bo‘yicha bir qator jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgani senatorlar tomonidan keskin tanqid qilindi. Bu holat fuqarolarning e’tirozlari va shikoyatlarining keskin ortishiga sabab bo‘layotgani aytildi.

Muhokama yakunida Senat parlament so‘rovi yuborish haqida qaror qabul qildi.