Bu yil ham OTMga qabulda “avval test, keyin tanlov” tartibi o‘zgarishsiz qoladi. Bu haqda Milliy matbuot markazida Bilim va malakalarni baholash agentligi ishtirokidagi matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Avvalroq Yagona davlat imtihoni (YADI) joriy etilishi haqida xabarlar tarqalgan edi. Unga ko‘ra, maktab bitiruv imtihoni, OTMga kirish imtihoni hamda fanlar bo‘yicha sertifikat imtihonlarini yagona tizimga birlashtirish rejalashtirilgani aytilgandi.
Biroq matbuot anjumanida joriy yilda ham o‘tgan yilgi qabul tartibi saqlanib qolishi alohida ta’kidlandi.
— Joriy yilgi qabul jarayonida ham ikki bosqichli tizim — avval test, soʻng tanlov tamoyili saqlanib qolinadi. Mazkur ikki bosqichli tanlov tamoyili amaliyotda yaxshi natija berdi. Abituriyentlar avval imtihon topshirib, oʻzlari toʻplagan ballni bilib olgach, mos oliy taʼlim muassasalari va taʼlim yoʻnalishlarini tanlashmoqda, — dedi Bilim va malakalarni baholash agentligi bo‘lim boshlig‘i Jamshid Odilov.
Eslatma sifatida, 2025–2026-o‘quv yilidan boshlab OTMga kirish jarayoni “avval test, keyin tanlov” modeli asosida yo‘lga qo‘yilgan. Ya’ni, birinchi bosqichda test imtihonlari o‘tkaziladi, keyingi bosqichda esa abituriyent tanlov qiladi.
Test topshirilgan fanlar kombinatsiyasiga qarab, abituriyent 5 tagacha yo‘nalishni belgilashi mumkin. Tanlovda u xohlagan oliy ta’lim muassasasi va xohlagan yo‘nalishni tanlash huquqini saqlab qoladi.