Rasman: Joriy yildan SAT 1200 balldan yuqori olgan abituriyentlar imtihonsiz talaba boʻladi


Joriy yildan e’tiboran SAT (Scholastic Aptitude Test) xalqaro imtihonida 1200 va undan yuqori ball to‘plagan abituriyentlar uchun yangi imkoniyat berildi.

Ular kirish imtihonlarini topshirmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘qishga qabul qilinadi va bu qabul qo‘shimcha grant asosida amalga oshiriladi. Ya’ni, yuqori SAT natijasi abituriyentga imtihonsiz qabul va grantga da’vogarlik huquqini beradi.

Bu tartib haqida 25-fevral kuni Bilimni va malakalarni baholash agentligi o‘tkazgan anjumanda rasmiy ma’lumot berildi.

SAT sertifikati orqali ushbu imtiyozdan foydalanmoqchi bo‘lgan abituriyentlar esa sertifikatini Agentlikka DI kodi orqali yuborishi shart. Shu talab bajarilgandan keyin sertifikat natijasi tizimda tasdiqlanadi va abituriyent imtihonsiz qabul hamda qo‘shimcha grant imkoniyatidan foydalanishi mumkin bo‘ladi.

— SAT imtihonlarida natijasi 75 foizi — 1200 ball va undan yuqori natijadagi sertifikatga ega boʻlgan abituriyentlar imtihonlarsiz oʻqishga qabul qilinadi — dedi agentlik departament boshligʻi Javlonbek Nurmatov.

Bu imtiyoz faqat sertifikat qamrab olgan fanlar bo‘yicha qo‘llanadi. Ya’ni, SAT sertifikati berilgan matematika va ingliz tili fanlari bakalavriat yo‘nalishining kirish imtihonidagi fanlar majmuasi tarkibida mavjud bo‘lsa, o‘sha yo‘nalishlarning barchasi ushbu tartib doirasida qabul qilinadi.