My.oliygoh.uz My.oliygoh.uz Hujjat topshirish

Texnikum bitiruvchilari uchun 2-kursdan talabalikka suhbat asosida qabul boshlandi


Bugun, 5-iyuldan boshlab texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar uchun oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga suhbat asosida 2-kursdan o‘qishga qabul qilish jarayoni boshlandi.

Arizalar 25-iyulgacha my.edu.uz platformasi orqali onlayn tarzda qabul qilinadi.

Ro‘yxatdan o‘tish jarayonida abituriyentlardan diplomning asl nusxasini yuklash talab etilmaydi. Talabgor shaxsini tasdiqlovchi ma’lumotlarni kiritadi, zarur ma’lumotlar esa tizim tomonidan avtomatik shakllantiriladi.

Mazkur tartib texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat bosqichida o‘qishni 2-kursdan davom ettirish imkonini beradi.

Texnikumni muvaffaqiyatli tamomlaganlar toifasiga o‘qish davrida semestr yakunlari bo‘yicha baholari 5, ya’ni a’lo va 4, ya’ni yaxshi bo‘lgan bitiruvchilar kiradi.

Bunda bitiruvchining baholaridan kamida 50 foizi 5, ya’ni a’lo bo‘lishi lozim. Tibbiyot yo‘nalishlarida esa bu talab yuqoriroq bo‘lib, baholarning kamida 85 foizi a’lo bo‘lishi kerak.

Talabgorlar suhbat asosida saralab olinadi. Suhbat natijalariga ko‘ra, oliy ta’lim tashkiloti komissiyasi tomonidan tasdiqlangan yakuniy baholash varaqasida suhbat komissiyasi a’zolari qo‘ygan ballarning o‘rtacha ko‘rsatkichi hisoblanadi.

Agar talabgorning o‘rtacha bali 67 ball va undan yuqori bo‘lsa, u suhbatdan o‘tgan hisoblanadi.

Suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tgan abituriyentlar to‘lov-kontrakt asosida bakalavriatning 2-kursidan talabalikka tavsiya etiladi.

Ushbu tartib barcha oliy ta’lim muassasalariga tatbiq etilmaydi. Jumladan, oliy harbiy va oliy harbiylashtirilgan ta’lim muassasalari, Toshkent davlat yuridik universiteti, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari hamda ularning filiallari mazkur tartibdan mustasno.

Texnikum bitiruvchilari hujjat topshirishdan oldin baholari, tanlayotgan yo‘nalishi va oliy ta’lim tashkilotiga ushbu tartib tatbiq etilishini tekshirib olishi lozim.

Qabul jarayoni 25-iyul kuni yakunlanadi.