Kunduzgi taʼlim bilan kechki taʼlim qo‘shib tanlanganda davlat granti ustuvorligi masalasi qanaqa bo‘ladi?


JAVOB: davlat granti uchun kvota ajratilmagan taʼlim shakllarida o‘z-o‘zidan faqat to‘lov-kontrakt uchun tanlov bo‘ladi.

Abituriyentlar yo‘nalish tanlayotganda quyidagi ikkita ustuvorlikdan birini belgilashlari mumkin: «Davlat granti» yoki «Ta’lim yo‘nalishi».

Tanlov ustuvorligini belgilash nima degani?

Abituriyentlarga yo‘nalish tanlash huquqi berilganda davlat grantini ustuvorlik sifatida belgilashi mumkin.

Bunda abituriyent ustuvorlik sifatida:

  • Davlat grantini tanlasa — tanlagan barcha taʼlim yo‘nalishlarida dastlab davlat granti, so‘ngra to‘lov-kontrakt asosida saralanadi;
  • Ta’lim yo‘nalishini tanlasa — avval har bir taʼlim yo‘nalishida davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida ketma-ket tanlovda ishtirok etadi.

Masalan, kimdir "menga qaysi beshta yo‘nalishdan biriga kirishimning farqi yo‘q, asosiysi davlat grantiga kirishim kerak", desa, unda ustuvorlikni grantga beradi. Kimdir esa aksincha "men birinchi tanlagan yo‘nalishimga kirishim shart, kontraktga kirsam ham roziman" desa unda ustuvorlikni yo‘nalishga beradi.

Yuqoridagi suratda buning ketma-ketligi ko‘rsatilgan.

Abituriyentlar ustuvorlikni belgilashda eʼtiborli bo‘lishlari kerak. Mandat chiqqandan keyin, “voy, men bu yo‘nalishda o‘qimayman, ikkinchida o‘qimoqchi edim, beshinchida o‘qimoqchi edim” degan gaplar befoyda bo‘ladi.

Ammo 2022-yildan boshlab bir nechta taʼlim shakllarini aralash tanlash imkoni paydo bo‘ldi. Ya’ni bir abituriyent beshta yo‘nalish tanlayotganda ham kunduzgi, ham kechki va ham masofaviyni aralashtirib tanlashi mumkin.

Shu sababli ko‘pchilikda savol tug‘ilmoqda, agar biz «Davlat granti» degan ustuvorlikni tanlasak, unda kechki yoki masofaviy taʼlim shakllarida tanlov qanaqa bo‘ladi, axir ularda davlat granti yo‘q-ku deb.

Buni so‘zda tushuntirish biroz mushkulroq, shu sababli ikkala ustuvorlik uchun ham alohida chizma tayyorlandi. Shunda ketma-ketlik qanaqa bo‘lishini osonroq tushunib olishingiz mumkin.

Qisqa qilib aytganda, “davlat granti” ustuvorligi xuddi kunduzgidek bo‘laveradi, faqat kechki yoki masofaviy tanlanganda grant qismi tashlab ketiladi xolos.

Agar siz beshalasiga ham kechki yoki masofaviy yo‘nalishni tanlab, bironta ham kunduzgi yo‘nalishni tanlamagan bo‘lsangiz, unda sizga ustuvorlikning mutlaqo farqi yo‘q. Xohlaganingizni tanlayvering, ikkalasi ham birdek amal qiladi, ya’ni faqat kontrakt ko‘rib chiqiladi.

Manba: @xushnudbek